Bugun Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Barqaror rivojlanish maqsadlarining 6.5.2 ko‘rsatkichi bo‘yicha uchinchi hisobot davri yakunlari hamda transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish vositasi sifatida hisobot berishdan foydalanish bo‘yicha tajriba almashishga qaratilgan ikki kunlik mintaqaviy seminar boshlandi.

Unda Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslaridan samarali foydalanish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va barqaror o‘sishni ta’minlash uchun transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinadi.

Tadbir Xalqaro suvni baholash markazi, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, YuNESKO, Markaziy Osiyo Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining Ilmiy-axborot markazi bilan hamkorlikda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston suv xo‘jaligi mutaxassislari va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashmoqda.

Seminarning ochilishida Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari T.Butunbayev ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.